Namangan viloyati Yangi Namangan tumanidagi maktab o‘quvchisini Damas urib yuborishi ortidan sinf rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 2-oktyabr kuni sodir bo‘lgan. O‘sha kuni uchinchi dars soatida ingliz tili fani o‘qituvchisi xizmat vazifalariga mas’uliyatsiz yondashib, mashg‘ulot tugashidan 10 daqiqa oldin sinfni tark etgan.
Buning oqibatida uch nafar o‘quvchi maktab hududidan chiqib ketgan. Soat 15:20 atrofida ulardan biri suv olish maqsadida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tgan. Qaytib kelayotganida esa uni Damas rusumli avtomobil urib yuborgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida o‘quvchi jarohatlangan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar ortidan boshqarma ishchi guruhi holatni o‘rganib, mas’ul xodimlarning faoliyatini tanqidiy tahlil qilgan.
O‘rganish natijasida sinf rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga ogohlantirish berilgan, ingliz tili fani o‘qituvchisiga esa hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan.
Shuningdek, viloyatdagi ta’lim muassasalarida o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash, pedagoglarning xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishi va dars jarayonida o‘quvchilar ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan.
Boshqarma o‘quvchilar hayoti va salomatligini muhofaza qilish har bir ta’lim muassasasi rahbari hamda pedagog xodimning ustuvor vazifasi ekanini ta’kidlab, bu boradagi mas’uliyatsizlik holatlariga nisbatan belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishini bildirgan.
20-aprelda Toshkent shahri Olmazor tumanida ham Damas haydovchisi maktab o‘quvchisini urib yuborgani xabar qilingandi. Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u svetoforning yashil chirog‘ida harakatlanayotganida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolalarni ko‘rib, ularga signal bergan. Biroq orqadan kelayotgan avtomobil signalidan chalg‘ib qolgan va shu vaqtda yo‘lga yugurib chiqqan qiz bolani urib yuborgan.