• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Rossiya dizeli AQSH bozoriga qaytmoqda: Tramp va Putin nimalarga kelishdi?



Rossiya va AQSH Rossiya dizel yoqilgʻisini Amerika hamda jahon bozorlariga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishdi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp 9-oktyabr oqshomida Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashganidan keyin maʼlum qildi. Tramp muzokaralarni “juda muvaffaqiyatli” deb baholadi. Putin esa Rossiya AQSH va jahon bozorlariga neft hamda neft mahsulotlarini yetkazib berishga tayyorligini tasdiqladi.

AQSH Rossiyaning dizel yoqilgʻisiga qarshi sanksiyalarni yumshatishini eʼlon qildi. AQSH Moliya vazirligi Rossiyaning dizel yoqilgʻisini Amerika sanksiyalarini chetlab oʻtgan holda jahon bozoriga yetkazib berish uchun vaqtinchalik litsenziya berdi. Ruxsatnoma 2027-yil 7-aprelgacha amal qiladi. Avvalroq Vashington AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi oqibatida neft bozorida yuzaga kelgan inqiroz sababli Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni ham vaqtincha yumshatgandi. Rasmiy maʼlumotga koʻra, litsenziya Rossiyada ishlab chiqarilgan dizel yoqilgʻisini sotish, tashish, tushirish va import qilish, jumladan AQSHga olib kirish bilan bogʻliq operatsiyalarga ruxsat beradi.

Rossiya ham dizel yoqilgʻisi eksportiga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qilishni boshladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri oʻrinbosari Aleksandr Novak maʼlum qildi. Rossiya nefti va neft mahsulotlarini xorijga yetkazib berish xalqaro sanksiyalar bilan bir qatorda, mamlakatning ichki eksport taqiqlari tufayli ham cheklangan. Masalan, ishlab chiqaruvchilar uchun dizel va kema yoqilgʻisini eksport qilishi oktyabr oxirigacha taqiqlangan. Bu cheklov Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga Ukraina tomonidan berilgan zarbalar va yoz oylarida ushbu hujumlar oqibatida mamlakatda yuzaga kelgan yoqilgʻi inqirozi ortidan joriy etilgan.

Trampning soʻzlariga koʻra, tomonlar Rossiyadan 300 ming tonnadan ortiq dizel yoqilgʻisini zudlik bilan yetkazib berishga kelishib olgan. Noyabrda yana 500 ming tonna, undan keyin esa qoʻshimcha 1 million tonna yoqilgʻi yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Novak Rossiya oktabr oyidayoq AQSH bozoriga qoʻshimcha hajmda dizel yoqilgʻisi yetkazib berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, neftni qayta ishlash zavodlarida taʼmirlash ishlari yakunlanib, ular qayta ishga tushishi bilan noyabr–dekabr oylarida eksport hajmi oshishi kutilmoqda.

Ukraina Moskva va Vashington oʻrtasidagi dizel yoqilgʻisi boʻyicha kelishuvni tanqid qildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, vaziyatni yumshatish boʻyicha kelishuvga erishmasdan turib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yengillashtirish “zaiflikning yaqqol belgisi” hisoblanadi.

Rossiya va AQSH oʻrtasidagi dizel yoqilgʻisi boʻyicha kelishuv Ukrainadagi urushni tugatishga qaratilgan muzokaralar qayta boshlangan bir paytda tuzildi. Xabarlarga koʻra, Ukraina delegatsiyasi 9–10-oktyabr kunlari Mayamida AQSH vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashmoqda. Reuters maʼlumotiga koʻra, muzokaralarga Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyaning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchilari, shuningdek, NATO hamda Yevropa Ittifoqi vakillari ham taklif etilgan.

Axios nashri xabar berishicha, AQSH vakillari Ukraina delegatsiyasiga urushni tugatish boʻyicha “yangi gʻoya va takliflar”ni taqdim etib, keyinchalik ularni Rossiya bilan muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Biroq bu takliflar aynan nimalardan iborat ekani ochiqlanmagan.

AQSH dizel yoqilgʻisi boʻyicha kelishuvni eʼlon qilganidan soʻng Zelenskiy jurnalistlarga shunday dedi:

Rossiya rasmiylari “energetik sulh” boʻyicha muzokaralar doirasida AQSHdan sanksiyalarni bekor qilishni soʻragan. Bu haqda Moskva va Vashington oʻrtasida dizel yoqilgʻisi boʻyicha kelishuvga erishilishidan bir kun oldin The Kyiv Independent nashri oʻz manbalariga tayanib xabar bergan. Avvalroq Ukraina rasmiylari Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmasiga zarba berishni toʻxtatsa, Kiyev ham Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni toʻxtatishga tayyorligini bildirgandi.

AQSHda Kongressga oraliq saylovlar yaqinlashayotgan bir paytda yoqilgʻi narxining oshishi Trampga nisbatan bosimni kuchaytirmoqda. Shu sababli u Ukrainadan Rossiyaning neft obyektlariga hujumlarni toʻxtatishni bir necha bor talab qilgan. Trampning taʼkidlashicha, aynan shu hujumlar dunyo boʻylab yoqilgʻi taqchilligi va narxlarning oshishiga sabab boʻlmoqda.

Putin esa 2-oktyabr kuni Kiyev bilan “energetik sulh” tuzish gʻoyasini rad etgan. U Valday forumidagi chiqishida Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinmasa, hujumlarni toʻxtatishning oʻzi AQSH va jahon bozorlarida dizel yoqilgʻisi narxining yuqoriligiga barham bermasligini aytgan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *