• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Panamada 7,7 magnitudali zilzila sodir boʻldi, sunami xavfi e’lon qilindi



Panamada 9-oktyabr kuni 7,7 magnitudali kuchli zilzila sodir boʻldi. AQSH Geologiya xizmati (USGS) maʼlumotiga koʻra, yer silkinishi mahalliy vaqt bilan soat 12:56 da (Toshkent vaqti bilan 22:56) qayd etilgan. Zilzila epitsentri mamlakatning janubiy qismidagi Pitalosa-Arriba aholi punktidan taxminan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uning chuqurligi 12,6 kilometrni tashkil etgan.

Zilzila mamlakatning katta qismida sezilgan. USGS hisob-kitoblariga koʻra, taxminan 4,6 million kishi turli darajadagi yer silkinishlarini his qilgan.

Zilziladan soʻng Tinch okeanidagi sunamidan ogohlantirish markazi Panama va boshqa Lotin Amerikasi mamlakatlarini qirgʻoqlarda xavfli toʻlqinlar paydo boʻlishi mumkinligidan ogohlantirdi. Dastlab Panama qirgʻoqlarida balandligi 1–3 metrga yetadigan sunami toʻlqinlari yuzaga kelishi taxmin qilingan. Biroq keyinchalik AQSHning sunamidan ogohlantirish tizimi xavf bartaraf etilganini bildirgan.

Binolar qulab tushdi, aholi evakuatsiya qilindi

Zilzila oqibatida bir qancha hududlarda binolar jiddiy zarar koʻrgan. Penonome shahridagi soborning bir qismi va minoralaridan biri qulab tushgan. Internetda mahalliy mehmonxonalardan biri deyarli butunlay vayron boʻlgani aks etgan videolar ham tarqalgan.

Zilzila epitsentridan taxminan 200 kilometr uzoqlikdagi Panama shahrida ham kuchli silkinishlar sezilgan. Koʻplab odamlar binolardan evakuatsiya qilingan. Aholi koʻchalarga chiqib, ayrimlar silkinishlar toʻxtaguncha parklarda kutgan. Poytaxtda asosan binolar tomidan ayrim qismlar qulab tushgan, jiddiy vayronagarchilik kuzatilmagan.

Asosiy zilziladan keyin 40 dan ortiq takroriy silkinish qayd etilgan. Ulardan eng kuchlilaridan biri 6,6 magnitudaga yetgan. Ayrim hududlarda elektr taʼminotida ham uzilishlar kuzatilgan.

Dastlabki xabarlarga koʻra, bir necha kishi jarohatlangan, ammo hozircha halok boʻlganlar haqida tasdiqlangan maʼlumot kelib tushmagan. Yetkazilgan zarar koʻlamini aniqlash davom etmoqda.

Prezident hukumatni safarbar qildi

Panama prezidenti Xose Raul Mulino zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun hukumatning barcha tegishli tuzilmalari safarbar etilganini maʼlum qildi. U aholini vahimaga tushmaslikka chaqirdi.

Shu bilan birga, Atlantika va Tinch okeanlarini bogʻlovchi Panama kanali zilziladan zarar koʻrmagan. Kanal maʼmuriyatining bildirishicha, kemalar harakati odatdagidek davom etmoqda.

Zilzila Panamada kuchli yer silkinishi yuz bergan taqdirda aholini evakuatsiya qilish boʻyicha umummilliy mashgʻulot oʻtkazilishidan uch kun oldin sodir boʻlgan.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *