• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Flydubai uchuvchisi 11-sentyabr teraktidan ilhomlanib, samolyotni aeroportga urmoqchi bo‘lgan — BAA Bosh prokuraturasi



Flydubai aviakompaniyasining FZ1073 reysi ikkinchi uchuvchisi Hammam al-Hammamiy 2001-yil 11-sentyabrdagi teraktlardan ilhomlanib, samolyotni Tel Avivdagi Ben-Gurion aeroporti terminallariga urib yuborishni rejalashtirgan. U shu yoʻl bilan imkon qadar koʻproq odamni oʻldirmoqchi boʻlgan. Bu haqda BAA bosh prokurori Hamad Saif ash-Shamsiy maʼlum qildi, deb yozmoqda The Wall Street Journal.

30-sentyabr kuni al-Hammamiy Dubaydan Tel Avivga uchayotgan samolyot kapitaniga bolta bilan hujum qilgandi. Shundan soʻng samolyot 30 soniyadan sal koʻproq vaqt ichida qariyb 5 kilometr pastlab, halokatga uchrashiga bir bahya qolgan.

Bosh prokurorning aytishicha, Ummon fuqarosi al-Hammamiy 2017-yilda Avstraliyada oʻqib yurgan paytida ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga tusha boshlagan. Bunga internetdagi targʻibot materiallari taʼsir koʻrsatgan.

Al-Hammamiy 2020–2024-yillarda Oman Air aviakompaniyasida ishlagan. The Wall Street Journal maʼlumotiga koʻra, ekstremistik qarashlarda gumon qilingani sababli unga parvoz qilish taqiqlangan.

2025-yil boshida u Marokashning Royal Air Maroc aviakompaniyasida bir necha oy ishlagani aytilmoqda. Biroq aviakompaniya buni rad etib, al-Hammamiy uch oy davomida tayyorgarlikdan oʻtganini, ammo yakunda ishga olinmaganini bildirgan.

Yanvar oyida al-Hammamiy Flydubai aviakompaniyasiga ishga kirgan. Bosh prokurorning soʻzlariga koʻra, ishga qabul qilinishidan oldin u barcha zarur tekshiruvlardan oʻtgan. Tekshiruvlarda uning ekstremistik qarashlari aniqlanmagan.

Hujumga tayyorgarlik koʻrish uchun al-Hammamiy Tel-Avivga ikki marta uchib borib, Ben-Gurion aeroporti va parvoz yoʻnalishini oʻrgangan. Hozir tergov davom etmoqda. Tergovchilar uchuvchining sheriklari boʻlgan-boʻlmaganini ham aniqlamoqda.

30-sentyabr kuni nima boʻlgandi?

Hodisa Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Boeing 737 MAX 8 samolyotida yuz bergan. Al-Hammamiy favqulodda vaziyatlar uchun moʻljallangan bolta bilan hindistonlik kapitan Smit Machxarga hujum qilgan. Kapitan ogʻir yaralangan, samolyot esa keskin balandlik yoʻqota boshlagan.

Shunga qaramay, kapitan uchuvchilar kabinasi eshigini ochishga muvaffaq boʻlgan. Yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolari hujumchini qoʻlga olib, uning harakatlarini toʻxtatgan. Reysda yoʻlovchi sifatida ketayotgan boshqa uchuvchilar boshqaruvni oʻz qoʻliga olib, samolyotni Saudiya Arabistonining Tabuk shahriga eson-omon qoʻndirgan.

3-oktyabr kuni BAA Bosh prokuraturasi hodisani rasman teraktga urinish deb baholadi. Isroil OAVlari Al-Hammamiy samolyotni Tel Aviv aeroportida qulatishni rejalashtirgani, dastlab bu ishni iyulda amalga oshirmoqchi boʻlgani haqida yozdi.

Hujumdan soʻng BAA va Isroil oʻrtasidagi aviaqatnovlar vaqtincha toʻxtatildi



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *