• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Turkiyada 15 yoshgacha boʻlgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi



Turkiyada 1-noyabrdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanadi. 15–18 yoshdagi oʻsmirlar uchun esa qoʻshimcha xavfsizlik choralari joriy etiladi. Yangi qoidalar mamlakat prezidenti administratsiyasi huzuridagi Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan, deb xabar berdi rasmiy Resmi Gazete nashri.

Hujjatga koʻra, ijtimoiy tarmoqlar 15 yoshga toʻlmagan bolalarga xizmat koʻrsata olmaydi. 15–18 yoshdagi foydalanuvchilar uchun esa shaxsiy maʼlumotlarni himoya qiluvchi va xavfsizlikni kuchaytiruvchi maxsus rejim yaratilishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda akkaunti bor foydalanuvchilar 2027-yil 31-martgacha oʻz yoshini tasdiqlashi shart. Buning uchun Turkiyaning e-Devlet davlat elektron xizmatlar platformasidagi maxsus identifikatordan foydalaniladi.

Yangi qoidalar oʻsmirlarning shaxsiy maʼlumotlaridan foydalanishni ham cheklaydi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar ular haqida toʻplangan maʼlumotlar asosida boshqa akkauntlarni tavsiya qila olmaydi. Oʻsmirlarning profillarini boshqa foydalanuvchilarga tavsiya qilish ham taqiqlanadi.

Shuningdek, bolalarning akkauntlarini telefon va elektron pochta kontaktlari, boshqa ilovalardagi doʻstlar hamda obunachilar roʻyxati bilan bogʻlashga ruxsat berilmaydi. Platformalar ushbu maʼlumotlarga kira olmaydi yoki ulardan foydalana olmaydi.

Turkiya parlamenti joriy yil aprel oyida bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonunni qabul qilgandi. Qonunga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarning yoshini tekshirishi, yirik platformalar esa Turkiyada o‘z rasmiy vakilini tayinlashi shart. Cheklovlar oʻyin platformalariga ham tatbiq etilgan.

Bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga boshqa mamlakatlarda ham cheklovlar joriy etilmoqda. Jumladan, Avstraliyada 2025-yil 10-dekabrdan 16 yoshgacha boʻlgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlangan.

Mamlakat qonunchiligiga koʻra, platformalar bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash choralarini koʻrishi shart. Talablarni bajarmagan kompaniyalarga 49,5 million Avstraliya dollarigacha jarima solinishi mumkin.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *