Romantik filmlar inson bo‘lishning mohiyatini chuqur ochib beradi. Bu janr qaysi davrda yashashingizdan qat’i nazar, muhabbatning haqiqatan ham umumbashariy ekanini isbotlaydi.
“Notting Hill”
“Notting Hill” filmi Londondagi kitob do‘konining tortinchoq egasi Uilyam Tek (Hyu Grant) haqida bo‘lib, u Gollivud yulduzi Anna Skott (Juliya Roberts) bilan tanishib qoladi va uning hayoti butunlay o‘zgarib ketadi. Ikki qahramonning o‘rtasida romantik tuyg‘ular paydo bo‘ladi va ular asta-sekin bir-birlariga mehr qo‘ya boshlaydi.
“Xotira kundaligi”

Nikolas Sparksning shu nomli romani asosida suratga olingan “Xotira kundaligi” sevgi, yo‘qotish va vaqt, masofa, hatto so‘nib borayotgan xotiralarni ham yengib o‘ta oladigan munosabatlar haqidagi ta’sirli film. Filmda Rayan Gosling 1940-yil yozida karnavalda boy oilaning qizi Elli (Reychel MakAdams) bilan tanishgan ishchi sinfiga mansub yigit Noy rolini ijro etadi. Ular bir-birlariga telbalarcha oshiq bo‘lishadi, biroq ijtimoiy farqlar tufayli ularning sevgi munosabatlari uzoqqa cho‘zilmaydi.
“Andisha va g‘urur”

2005-yilda Jeyn Ostinning shu nomdagi asari asosida film suratga olingan. Rejissyor bu davrni avvalgi filmlarga nisbatan tartibsizroq va haqiqatga yaqinroq tasvirlagan, chunki oldingi filmlarda bu davr sayqallangan, mukammal manzara sifatida ko‘rsatilgan edi. Kira Naytli jamiyat kutayotgan talablarga bo‘ysunishni rad etadigan aqlli va ziyrak Elizabet Bennet rolini mahorat bilan ijro etgan.
“Titanik”

Rejissyor zamonaviy tarixdagi eng mashhur fojialardan biriga barcha davrlarning eng go‘zal sevgi qissalaridan birini ustalik bilan kiritishning uddasidan chiqdi. Syujet oqsuyak ayol Rouz DeVitt Bukater (Keyt Uinslet) haqida bo‘lib, u oilasining yo‘qolib borayotgan boyligini saqlab qolish uchun sevgisiz nikoh qurishga majbur bo‘ladi. Biroq “Titanik” kemasida Jek Douson (Leonardo Di Kaprio) bilan uchrashgach, u hech qachon his qilmagan haqiqiy muhabbatga duch keladi.
