Turkiya Superligasining 7-turida Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev to‘p tepayotgan “Bashakshehir” safarda “Konyaspor” bilan durang o‘ynadi. Konyadagi “Medash Konya Buyukshehir” stadionida kechgan uchrashuvda hisob ochilmadi — 0:0.
“Bashakshehir” hujumchisi Eldor Shomurodov maydonga asosiy tarkibda tushdi va uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi. Jamoaning yana bir o‘zbekistonlik futbolchisi Abbosbek Fayzullayev esa 80-daqiqada Bertug‘ Yildirim o‘rniga maydonga tushdi.
Uchrashuv davomida har ikki jamoa gol urish uchun imkoniyat izlagan bo‘lsa-da, hisobni ocholmadi. 23-daqiqada “Konyaspor” majburiy o‘zgarishni amalga oshirdi: jarohat olgan Adil Demirbag‘ o‘rniga Chidoziye Avaziyem maydonga tushdi. Ikkinchi bo‘limning 56-daqiqasida esa hakam Batuhan Kolak mezbonlar futbolchisi Deniz Turuch ishtirokidagi vaziyatda penalti belgilamadi.
“Bashakshehir” ayni paytda Turkiya Superligasida 8 ochko bilan 11-o‘rinni egallab turibdi. “Konyaspor” esa 5 ochko bilan oxirgi pog‘onani band etgan.
Turkiya Superligasi, 7-tur
“Konyaspor” — “Bashakshehir” 0:0
“Konyaspor”: Bernardu Gyungyo‘rdu, Ug‘urjon Yazg‘ili, Rayyan Baniya, Adil Demirbag‘ (Chidoziye Avaziyem, 23), Artur Masuaku, Marko Yevtovich, Melih Ibragimog‘lu, Deniz Turuch, Rixard Tot (Enis Bardi, 74), Diogu Gonsalves (Ebrima Kolli, 82), Jekson Muleka (Mustafo Muhammad, 82).
“Bashakshehir”: Muhammad Shengezer, Saba Harebashvili (O‘mer Ali Shahiner, 63), Usmon Ba, Emin Bayram (Hamza Gyureler, 56), Mixal Karbovnik, Umut Gunesh, Olive Kemen, Ivan Brnich (Yakub Kaluzinski, 80), Bertug‘ Yildirim (Abbosbek Fayzullayev, 80), Andreas Skov Olsen (Yusuf Sari, 63), Eldor Shomurodov.