• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

BMT Ayollar tashkiloti vakili Belen Sans Luke O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va ayollar yuzlashayotgan qiyinchiliklar haqida fikr bildirdi

BMT Ayollar tashkiloti vakili Belen Sans Luke O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va ayollar yuzlashayotgan qiyinchiliklar haqida fikr bildirdi


O‘n yillik islohotlar natijasida O‘zbekistonda gender tengligi strategiyasi qabul qilindi, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun kuchga kirdi va parlamentda ayollar ulushi bo‘yicha mintaqada yetakchi o‘rinlardan biriga erishildi. Yaqinda BMT Ayollar (UN Women) tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Belen Sans Luke O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida “Daryo” nashriga intervyu berib, erishilgan yutuqlar va hali hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar haqida so‘z yuritdi.

Tashrif doirasida Sans Luke Milliy statistika qo‘mitasi, Yevropa Ittifoqi vakolatxonasi hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashib, mavjud holat va kamchiliklarni muhokama qildi. Uning aytishicha, bu islohotlarning haqiqiy natijasi — ularning ayollar va qizlarning kundalik hayotida qanchalik ijobiy aks etayotganida ko‘rinadi.

“Menimcha, so‘nggi 10 yilda amalga oshirilgan o‘zgarishlarning asl muvaffaqiyati bu ayollar va qizlarning hayoti haqiqatan ham yaxshi tomonga o‘zgarganidadir”, dedi u.

Foto: “Daryo”

Tasodif emas, tizimli mehnat natijasi

Sans Luke O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni dunyo bo‘ylab gender tengligiga nisbatan qarshiliklar kuzatilayotgan bir davr fonida baholadi. U O‘zbekiston parlamentida ayollar ulushi 38 foizni tashkil etishini alohida ta’kidladi (bu Yevropa va Markaziy Osiyodagi o‘rtacha 26 foizlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori). Uning aytishicha, bu tasodif emas, balki to‘g‘ri olib borilgan siyosat natijasidir.

“Bu maqsadli sa’y-harakatlar, jumladan, ayol nomzodlarning ro‘yxatga kirishiga imkon bergan gender kvotasining natijasidir. Bu hali to‘liq tenglik degani emas, lekin juda muhim qadamdir”, dedi u.

Huquqiy baza ham mustahkamlandi: 2030-yilgacha Gender tengligiga erishish milliy strategiyasi, oilaviy zo‘ravonlikni jinoyat deb topuvchi qonun hamda ish joyidagi tegajog‘lik bo‘yicha yangi prezident farmoni qabul qilindi. Ta’lim imkoniyatlari ham kengaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017-yildagi 27 foizdan 2025-yilda qariyb 75 foizga yetdi. Bu qizlarning barvaqt rivojlanishiga hamda oilalarning mamlakat iqtisodiyotida rol o‘ynashga imkon yaratmoqda.

Manba: UNDP Uzbekistan

Deputatlik o‘rni — hali to‘liq qaror qabul qilish vakolati degani emas

Sans Luke parlamentdagi 38 foizlik ko‘rsatkichni olqishlagan bo‘lsa-da, bu raqam quyi va mahalliy bosqichlardagi haqiqiy holatni to‘liq aks ettirmasligini aytdi.

“Mahalla darajasida rahbar ayollar atigi 15 foiz atrofida. Bu parlamentdagi ko‘rsatkichga nisbatan juda kam”, dedi u.

U viloyat va tuman darajasida ham ayollar ulushini parlament darajasiga yetkazish zarurligini aytdi.

Boshqa raqamlar ham shunga o‘xshash holatni ko‘rsatmoqda. Senatda ayollar 16 ta o‘rinni (24,6 foiz), mahalliy kengashlarda esa taxminan 25 foizni tashkil etadi. Hokimlar, tuman va shahar rahbarlari orasida esa ayollar juda kam. Bu raqamlar shunchaki amaldagi o‘rinlarni ko‘rsatadi, amalda kim qaror qabul qilayotganini emas. Shunga qaramay, u Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Senat ishini va qonunchilikni takomillashtirish borasidagi tashabbuslarini alohida e’tirof etdi.

“Uyat pardasi” ortidagi jinoyat

Sanz Lukening aytishicha, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik uzoq vaqt davomida yashirish kerak bo‘lgan holat sifatida qaralgan.

“Bu xuddi jamiyatning ajralmas qismidek tabiiy holat deb qabul qilingan. Bu haqida gapirilmagan, sukut saqlangan. Chunki bu mavzu uyat va qo‘rquv uyg‘otadi — nafaqat ayollarning o‘zida, balki ularning oilalarida ham”.

Foto: “Daryo”

U ushbu muammoni hal qilish uchun uchta bosqichni taklif etadi:

1. Muammoni hujjatlashtirish va ko‘lamini baholash.

2. Uni shaxsiy emas, balki oshkora va jiddiy muammo deb qarash:

“Bu — ayolning salomatligi, oila, jamiyat va, albatta, bolalar uchun salbiy oqibatlarga olib keladigan ijtimoiy muammodir”.

3. Zo‘ravonlikni oqlaydigan eski qarashlarni o‘zgartirish.

Uning fikricha, ayollar zo‘ravonlik inson huquqlarining buzilishi va qonunga zid ekani, shuningdek, ularni himoya qiluvchi tashkilotlar borligini aniq bilishi kerak. Asosiy maqsad — jazo berilmasligiga chek qo‘yish, dedi u.

Sentyabr oyida Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chada 5 yoshli qizchaga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holati bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘pligini ko‘rsatdi. Holat yuzasidan 12-sentyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi — bog‘chaning xo‘jalik mudiri qo‘lga olingan.

Qizchaning onasi jurnalistlarga bog‘cha kameralari o‘sha kuni hech narsani tasvirga olmagani va gumonlanuvchi bu uchun mas’ul bo‘lganini, shuningdek, uning ayoli ishni yopish uchun pora taklif qilganini bildirdi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi oilani boshqa shaharga ko‘chirish, uy-joy, reabilitatsiya va ijtimoiy yordam bilan ta’minlashini ma’lum qildi.

Manba: “Milliy TV”

Bu voqeadan so‘ng parlament quyi palatasi 14 yoshga to‘lmagan bolalarni nomusiga tegish uchun umrbod qamoq jazosi (hozirgi jazo 15 yildan 20 yilgacha)ni joriy etish va da’vo muddatlarini bekor qilish bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Deputat Gulruh Agzamovaning aytishicha, 2022–2025-yillar oralig‘ida 14 yoshga to‘lmagan bolalarni zo‘rlash bo‘yicha 445 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bunday jinoyatlar uchun o‘lim jazosi qo‘llanilishi kerak degan fikrni bildirdi. Biroq Konstitutsiya o‘lim jazosini taqiqlagani sababli, buni joriy etish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish talab etiladi. Mutaxassislar esa asosiy e’tiborni jazoni og‘irlashtirishga emas, bolani himoya qilishi kerak bo‘lgan tizimlar nega o‘z vaqtida ishlamaganiga qaratish zarurligini aytmoqda.

Sans Lukega ko‘ra, qonunlar ortida samarali ishlaydigan tashkilotlar turishi kerak

“Biz jamiyatni xabardor qilamiz, tushuntirish ishlarini olib boramiz va tashkilotlar samarali ishlab, hech bir jinoyat jazosiz qolmasligini ta’minlaymiz. Har bir inson o‘z uyida va o‘z mamlakatida o‘zini xavfsiz his qilishi kerak”, deya vaziyatga munosabat bildirdi u.

Tazyiq internetga ko‘chganda

Kibermakondagi gender zo‘ravonligi ham ko‘p e’tibordan chetda qolayotgan muammolardan biridir.

“Internetdagi zo‘ravonlik real hayotdagi zo‘ravonlikning davomidir”, dedi u.

U O‘zbekistonda raqamli zo‘ravonlikka uchragan har bir qiz qayerga murojaat qilishni va qanday himoyalanishni aniq bilishi uchun aniq standartlar hamda mexanizmlar zarurligini aytdi.

BMT Ayollar tashkiloti vakili texnologiyalar orqali sodir etiladigan zo‘ravonlikka qarshi qonunlar qabul qilishni tavsiya etdi va Yevropa Ittifoqining raqamli zo‘ravonlikka qarshi strategiyasini misol qilib keltirdi.

Tadqiqotchi Kamola Aliyevaning 2025-yildagi izlanishlari bu muammoning qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Uning aniqlashicha, internetdagi tazyiqlar (shaxsiy rasmlarni tarqatish, tuhmat, do‘q va po‘pisa) asosan faol ayollar, jurnalistlar va davlat xizmatchilariga qaratilgan bo‘lib, ularni jamiyatdagi faollikdan chekinishga majbur qilmoqda.

Hatto Telegram kanallar shaxsiy rasmlarni sotgan va tergovchilar 62 nafar qurbonni aniqlagan bir holatda ham, prokurorlar tuhmat, tovlamachilik va pornografiya moddalariga tayanishga majbur bo‘lmoqda. Chunki O‘zbekiston qonunchiligida roziliksiz shaxsiy rasmlarni tarqatganlik uchun alohida modda yo‘q.

Sans Luke, shuningdek, sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini yaratishda ayollarning ishtiroki muhimligini aytdi. Aks holda, SI ham jamiyatdagi kamsitishlarni va gender stereotiplarini takrorlayveradi.

“Dunyodagi 138 ta Milliy sun’iy intellekt strategiyasining atigi 24 tasida gender tengligi yoki ayollar huquqlari tilga olingan. Bu ushbu muammoning naqadar muhimligi hali to‘liq anglab yetilmaganini ko‘rsatadi”, dedi u.

U O‘zbekistonning milliy strategiyasi ayollar va qizlar uchun maxsus himoyani o‘z ichiga oladi deb umid qildi va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha Lotin Amerikasi qonunlarini misol qilib keltirdi.

Oliy ma’lumotli, ammo uy yumushlaridan bo‘shamaydigan ayollar

Sans Luke ayollarning iqtisodiyotga tayyor emasligi haqidagi fikrlarni rad etadi.

“O‘zbekistondagidek ayollarning oliy ta’lim olishi rag‘batlantirilayotgan mamlakatda muammo ularning tayyorgarligida emas. Ayollar tayyor, ular oliy ma’lumot olmoqda va mehnat bozoriga kirib kelishga shay”, dedi u.

Foto: “Daryo”

Uning fikricha, asosiy to‘siq bu haq to‘lanmaydigan uydagi mehnatdir (bolalar, keksalar va imkoniyati cheklangan oila a’zolariga qarash). Odatda bu mas’uliyat to‘liqligicha ayollarning zimmasiga tushadi.

Sans Lukening bildirishicha, birinchi navbatda bu mehnatning qiymatini e’tirof etish va uni qadrlash kerak. Ba’zi mamlakatlarda o‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, haq to‘lanmaydigan uy mehnati yillik yalpi ichki mahsulotning (YaIM) chorak qismigacha bo‘lgan hajmni tashkil qiladi.

O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, ayollardan ishdan bo‘shashlarining asosiy sababi so‘ralganda, ularning aksariyati oila a’zolariga qarash mas’uliyatini birinchi sabab qilib ko‘rsatgan.

Sans Lukega ko‘ra, yechim esa ikki qismdan iborat:

1. Ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish, masalan, bolalar bog‘chalari sonini va sifatini oshirish.

2. Jamiyatdagi qarashlarni o‘zgartirish:

“Ko‘pgina jamiyatlarda uy ishlarini faqat ayol kishiga yuklab qo‘yamiz. Lekin erkaklar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilganda, ular ham farzandlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni va g‘amxo‘r ota bo‘lishni xohlashini bildiradi”.

Biznes boshlash va uni kengaytirish

O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlarning 43 foizini ayollar tashkil etadi, ammo korporativ (yirik) biznesda ularning ulushi atigi 17 foizdir.

“Muammo faqat biznesni boshlashda emas, balki uni qanchalik kengaytirish va moliyaviy resurslarga ega bo‘lishdadir”, dedi u.

Sans Luke, shuningdek, norasmiy bandlik masalasiga ham to‘xtaldi. Ayollar xizmat ko‘rsatish va parvarishlash sohasida ko‘pchilikni tashkil qilsa-da, bu ishlarning aksariyati norasmiydir. Bu esa ularning mehnat huquqlari, ijtimoiy himoyasi va kelajakdagi pensiya ta’minoti zaif ekanini anglatadi. Rasmiy bandlik esa ayollarga iqtisodiy mustaqillik va teng himoya beradi.

Yana bir muammo — ish haqi o‘rtasidagi farq. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonda ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 34 foiz kamroq maosh olgan (dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkich o‘rtacha 19 foizni tashkil etadi).

Raqamli uzilish

O‘zbekistonda qizlarni raqamli iqtisodiyotga tayyorlash borasida ijobiy ishlar qilinmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda STEM (aniq va tabiiy fanlar) yo‘nalishi bitiruvchilarining 36 foizini qizlar tashkil etgan. “Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasi qatnashchilarining yarmi ham qizlar bo‘lgan.

Biroq, o‘qish tugab, amaliy ishga o‘tganda bu ko‘rsatkich keskin tushib ketadi: raqamli sohada xotin-qizlar ulushi atigi 17 foiz atrofida. Sans Lukening ta’kidlashicha, muammo iqtidor yo‘qligida emas, balki ta’limdan ish joyiga o‘tish bosqichidagi to‘siqlardadir.

Foto: “Daryo”

Bu uzilishni yo‘qotish uchun qizlar uchun maxsus IT-ta’lim, amaliyot dasturlari, mentorlik va professional aloqalar zarur. Shuningdek, “matematika — o‘g‘il bolalar uchun” degan eski aqidalardan voz kechish kerak.

Va’dalar uchun mablag‘ zarur

Sans Lukedan O‘zbekistondagi tashrifi davomida uni eng ko‘p nima hayratlantirgani so‘ralganda, u biron bir qonun yoki balandparvoz raqamni emas, balki moliyalashtirish usulini tilga oldi.

Yevropa Ittifoqi ko‘magida BMT Ayollar tashkiloti Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimlarini davlat byudjetini shakllantirishda gender omilining e’tiborga olinishiga o‘rgatdi. Ya’ni, har bir sohada mablag‘ ajratilayotganda ayollar va qizlarning ehtiyojlari standart amaliyot sifatida hisobga olinadi. Sans Lukening aytishicha, O‘zbekiston bu borada mintaqada yetakchilik qilmoqda.

Hukumat o‘zining rivojlanish va kambag‘allikni tugatish strategiyalarining bir qismi sifatida ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha maqsadlarni belgilab olgan. Sans Luke bildirishicha, mehnat bozori, ish haqidagi farq va haq to‘lanmaydigan uy mehnati bo‘yicha ma’lumotlarsiz bularning hech biri ishlamaydi, chunki siyosat faqat o‘zi o‘lchay oladigan narsanigina tuzatishi mumkin.

Uzilishlar yuqoridagi raqamlarda ham ko‘rinib turibdi: parvarishlashga oid ma’lumotlar 2018-yilga tegishli va raqamli zo‘ravonlik bo‘yicha hali hech qanday ma’lumot yo‘q.

Fuqarolik jamiyati ayollar bilan bevosita ishlab, ularni o‘z huquqlaridan xabardor qilish va siyosatga kengroq ovozlarni olib kirish orqali yordam bermoqda. Barcha sa’y-harakatlardan asosiy maqsad ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va gender tengligi shunchaki qog‘ozdagi orzu emas, balki har bir ayol va qizning kundalik hayotidagi haqiqatga aylanishidir.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *