Rossiya armiyasi sentyabr oyida Ukrainadagi janglarda 50 mingdan ortiq harbiy xizmatchisini yoʻqotdi, ulardan 28 ming nafari halok boʻlgan. Bu haqda NATOning yuqori martabali harbiy vakiliga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
NATO vakilining aytishicha, hujumlarni davom ettirayotgan Rossiyaning bir oylik harbiy yoʻqotishlari rekord darajaga yetgan. Rossiya qo‘mondonligi askarlarni Ukraina dronlari va artilleriyasi hujumlariga uchrashi yoki minalarda portlab ketishi mumkin bo‘lgan xavfli hududlarga yubormoqda.
Asosan mudofaada turgan Ukraina armiyasining sentyabr oyidagi yoʻqotishlari esa halok boʻlgan va yaralanganlarni qoʻshib hisoblaganda, taxminan 5 ming kishini tashkil etgan. Bloomberg suhbatlashgan NATO vakilining hisob-kitobiga koʻra, sentyabr oyida Rossiya armiyasining harbiy yoʻqotishlari boʻlgan.
Rossiya armiyasining yo‘qotishlari so‘nggi oylarda oshib bormoqda. Aprel va iyun oylarida NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya ayrim oylarda 30–35 ming nafar askarini yo‘qotayotganini aytgandi. Bu raqamga halok bo‘lganlar va yaralanganlar kiradi.
Biroq avgust oxirida NATO bosh kotibi oʻrinbosari Radmila Shekerinska Rossiyaning oylik yoʻqotishlari 40 ming kishidan oshganini maʼlum qilgan. Sentyabr oyida esa Ryutte bu koʻrsatkich 43 ming nafarga yetganini aytgan.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ham shunga yaqin raqamlarni keltirdi. Uning maʼlumotiga koʻra, sentyabr oyida Rossiya armiyasining yoʻqotishlari urush boshlanganidan beri eng yuqori darajaga yetib, 46,2 ming kishini tashkil etgan.
Avval Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) hisob-kitoblarida Rossiya 2022-yil fevralidan 2026-yil iyunigacha qariyb 1,4 million harbiy xizmatchisini yoʻqotgani aytilgandi. Ulardan kamida 450 ming nafari halok boʻlgan.
Tahlilchilarning baholashicha, 2026-yilning birinchi yarmida Rossiya armiyasi har oy 30–34 ming nafar harbiydan ayrilgan. Bu koʻrsatkich armiyaga shartnoma asosida jalb qilinayotgan yangi askarlar sonidan yuqori boʻlgan. Oʻsha davrda Rossiya har oy taxminan 27 ming nafar yangi harbiy xizmatchi yollagan.
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, Ukrainadagi urushda halok boʻlgan rossiyalik harbiylar soni Sovet Ittifoqi va Rossiyaning 1945-yildan keyingi barcha urushlarida halok boʻlganlar umumiy sonidan toʻqqiz baravar koʻp.
Rossiya armiyasi hujumlarni davom ettirayotganiga qaramay, ayrim hududlar ustidan nazoratni yoʻqotgan. Vashingtondagi Urushni oʻrganish instituti (ISW) hisob-kitoblariga koʻra, sentyabr oyida Rossiya nazoratidagi Ukraina hududlari 80,81 kvadrat kilometrga qisqargan.
Biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin shu davrda mamlakat armiyasi 1301 kvadrat kilometr hududni egallaganini aytgandi. ISW tahlilchilari Putinning Ukrainadagi hududiy yutuqlar haqidagi bayonotlarini “gallyutsinatsiya” deb atagan.