• Ср. Ноя 18th, 2026

Дунё ўзбеклари

Журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси

Farg‘onada fermerni aldab, undan 600 dollar undirmoqchi bo‘lgan Agroinspeksiya xodimi qamaldi



Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida fermerni qalbaki hujjat bilan aldab, undan pul undirishga uringan Agroinspeksiya bosh mutaxassisi qamaldi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Aniqlanishicha, 2026-yil 15-may kuni Agroinspeksiya xodimi Yozyovon tumanidagi fermer xo‘jaligiga borib, sug‘oriladigan yerda noqonuniy baliq ko‘li tashkil etilganini aniqlagan. Fermer avval ham noqonuniy baliq ko‘li tashkil etib, yerga 6,8 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazgani uchun 2 yil axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.

Bosh mutaxassis yangi holat bo‘yicha yerga 260,4 million so‘m zarar yetkazilgani ko‘rsatilgan qalbaki dalolatnoma tayyorlagan. Hujjatga tekshiruvda qatnashmagan ikki mutaxassisning nomini kiritib, ularning imzolarini qalbakilashtirgan.

So‘ng fermerga dalolatnoma huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilsa, unga yana jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkinligini aytgan. Hujjatni yo‘q qilish evaziga dastlab 1000 dollar talab qilgan, keyinchalik 600 dollarga rozi bo‘lgan.

Fermer xodim uni aldayotganini sezib, DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga murojaat qilgan. U suhbatlarning audioyozuvlarini ham taqdim etgan. Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor tadbir o‘tkazgan.

18-may kuni bosh mutaxassis avtomobilida fermerning uyiga kelib, qalbaki dalolatnomani yirtib tashlagan va kelishilgan 600 dollarni olgan. Sudlanuvchi voqea joyidan ketayotganida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sudda bosh mutaxassisning yerlarni tekshirishga ruxsat beruvchi guvohnomasi 8-may kuni tugagani aniqlangan. Bundan tashqari, uning fermer xo‘jaligida tekshiruv o‘tkazishi uchun qonuniy asos ham bo‘lmagan.

Biroq fermerning noqonuniy baliq ko‘li tashkil etgani keyingi tekshiruvda ham tasdiqlangan. Yerga yetkazilgan zarar 129,9 million so‘m deb hisoblangan.

Sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lib, pul berish taklifi fermerdan chiqqanini bildirgan. Sud uning bu vajini rad etgan.

Qo‘shtepa tumani sudi M.R.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va boshqa tegishli moddalari bilan aybli deb topgan. Unga 1 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, 2 yilga davlat organlari va tashkilotlarida mansabdor hamda moddiy javobgar lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.

AvvalroqSamarqandda 3 ming dollar pora talab qilgan Agroinspeksiya xodimi qo‘lga olingani haqida xabar qilingandi.



Манба

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *