Eron Saudiya Arabistoniga mamlakatga uyushtirilgan bir qator halokatli hujumlardan so‘ng husiy isyonchilari bilan muzokaralarda vositachilik qilishni taklif etdi. Tehron mintaqadagi ziddiyatlarni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligi haqida ogohlantirdi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bu taklifni 11-oktyabr kuni Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon bilan telefon muloqoti chog‘ida bildirdi. Muloqot tafsilotlari Eron tashqi ishlar vazirining Telegram kanalida e’lon qilindi.
Abbos Aroqchi Eron ikki tomon o‘rtasida muloqotni boshlash uchun har qanday yordamni berishga tayyorligini aytdi.
Saudiya hukumati muloqot bo‘lib o‘tganini tasdiqladi, biroq Eronning vositachilik taklifi haqida hech narsa demadi. Muloqot AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri Saudiyaga qilingan eng halokatli hujumdan bir kun o‘tib yuz berdi.
10-oktyabr kuni husiylarning Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod aeroportiga bergan zarbasi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, yuzlab kishilar yaralandi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, bu hujumdan so‘ng Saudiya boshchiligidagi koalitsiya husiylar nazoratidagi Sana aeroportiga zarbalar berdi. Husiylar sog‘liqni saqlash vazirligi Sana shahridagi turar joy binolaridan biriga berilgan zarba oqibatida bir bola halok bo‘lganini bildirdi.
Saudiya rasmiylari bu ayblovlarga izoh bermadi, lekin 11-oktyabr kuni Ar-Riyod aeroportiga yana bir halokatli hujum uyushtirilganini ma’lum qildi.
12-oktyabr kuni Saudiya davlat televideniyesi harbiy koalitsiya mamlakat tomon uchirilgan dron va qanotli raketalarni qaytarayotgani haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Reuters’ning xabar berishicha, poytaxtdagi Qirol Xolid xalqaro aeroporti yana hujumga uchragan. Oqibatda Pokiston fuqarosi halok bo‘lgan, kamida 11 kishi jarohatlangan.
Urushning avj olishi va mintaqadagi vaziyat
Saudiya Arabistoni va husiylar o‘rtasidagi to’qnashuvlar sentyabr oyida keskinlashdi. Husiylar Qizil dengiz sohillarini va xalqaro savdo uchun muhim dengiz yo‘lini egallab oldi.
Husiylar 2014-yildan beri Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaydigan Yaman hukumatiga qarshi urushib kelmoqda. 2022-yilda erishilgan sulh so‘nggi oylarda barbod bo‘ldi. Shu bilan birga, AQSH va Eron mojarosi yanada avj olishi kutilmoqda. Pentagon yangi zarbalar rejasini tuzmoqda.
Eron Milliy xavfsizlik kengashi maslahatchisi Muhsin Rizoyiy 11-oktyabr kuni harbiy harakatlar qayta boshlansa, Eron kuchlari Fors ko‘rfazidagi raqamli infratuzilmalarni, jumladan ma’lumotlar markazlari va sun’iy intellekt obyektlarini nishonga olishi haqida tahdid qildi.
Husiylar Eron qo‘llab-quvvatlaydigan guruhlardan biridir. Ular yillar davomida Erondan moliyaviy va harbiy yordam olib kelgan bo‘lsa-da, ekspertlar ularni Erondan mustaqil va o‘z maqsadlariga ega kuch deb biladi.